22-modda. Foydali model haqidagi talabnoma ekspertizasi
“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (397-II-son) · Sana: 29.08.2002 · Amalda
Davlat muassasasi patent boji toʻlangan taqdirda foydali model haqidagi talabnomani ekspertizadan oʻtkazadi. Patent boji rasmiy ekspertizaning talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi qarori talabnoma beruvchiga yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida toʻlanishi mumkin. Koʻrsatilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Ekspertiza oʻtkazilayotganda talabnomada koʻrsatilgan obyektning ushbu Qonun 7-moddasida belgilangan patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi tekshiriladi.
Agar ekspertiza natijasida talabnoma foydali modellar sifatida muhofaza qilinadigan obyektlarga taalluqli boʻlmagan taklif toʻgʻrisida ekanligi aniqlansa, Davlat muassasasi patent berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor qilinadi.
Agar talabnoma ekspertizasi natijasida foydali model haqidagi talabnoma materiallari qoʻyilgan talablarga mos ekanligi aniqlansa, Davlat muassasasi foydali modelga patent berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor etiladi.
Foydali model sifatida talabnomada koʻrsatilgan obyektning patentga layoqatlilik shartlariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda Davlat muassasasi foydali modelga patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor etiladi.
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasining qarori ustidan qaror yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oylik muddat ichida Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki oylik muddat ichida uni koʻrib chiqishi lozim.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
