61-modda. Suv olish kvotasi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv olish kvotalari manbalar, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha quyidagilar tomonidan ajratiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari — suvdan foydalanuvchilarga.
Suvdan maxsus foydalanish uchun tabiiy suv havzalaridan suv olish kvotalari ushbu Kodeksning 56-moddasiga muvofiq vakolatli organlar ruxsatnomalarida belgilanadi.
Ajratilgan suv olish kvotasi uning amal qilish muddati davomida qayta koʻrib chiqilmaydi, bundan isteʼmol qilinadigan suvning hajmiga taʼsir koʻrsatadigan sugʻoriladigan uchastka maydoni, ishlab chiqarish quvvatlari oʻzgartirilgan hollar mustasno.
Suv olish kvotalarini ajratishda sanitariya va ekologik maqsadlar uchun suvni chiqarib yuborish talablari hisobga olinadi.
Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlariga ular tomonidan meʼyoriy ehtiyojlar va kelajakda aholining oʻsishi prognozlaridan kelib chiqqan holda, ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun suv olish kvotasi ajratiladi.
