60-modda. Suv servituti
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
suvdan umumiy foydalanish;
fuqarolar va transport vositalarining oʻtishi;
hayvonlarni sugʻorish va chorva mollarini haydab oʻtish;
suv obyektlaridan kichik hajmli kemalar uchun suv yoʻllari sifatida foydalanish;
sohil boʻyi zonalaridan erkin foydalanishni, shu jumladan undan oʻtishni taʼminlash.
Suv servituti qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Suv servituti ommaviy suv servituti va xususiy suv servituti shaklida boʻlishi mumkin.
Ommaviy suv servituti suvdan umumiy foydalanish huquqiga tenglashtiriladi hamda davlat va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, mahalliy aholining manfaatlarini taʼminlash uchun jamoat manfaatlari inobatga olingan holda belgilanadi.
Xususiy suv servituti tanho foydalanishga berilgan suv obyektlariga nisbatan belgilanadi.
Ommaviy suv servituti suv obyektlariga yoki ularning qismlariga nisbatan, shu jumladan lotokli va boshqa usti qoplangan sugʻorish tarmogʻiga nisbatan qoʻllaniladi.
Ommaviy suv servituti suv servitutining belgilanishiga ehtiyoji boʻlgan shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi va sohil boʻyi mintaqasi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi oʻrtasida kelishuv mavjudligi-mavjud emasligidan qatʼi nazar, agar ushbu shaxslar bunday huquqdan yer uchastkasi boshqa shaxsga mulk qilib berilguniga qadar foydalangan boʻlsa, belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ommaviy suv servituti belgilanishini taʼminlashi shart.
Boshqa hollarda, suv servituti kimlarning manfaatlarini koʻzlab suv servituti belgilanayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha, kelishuvga erishish imkoni boʻlmagan taqdirda esa sudning qaroriga koʻra belgilanadi.
Suv servitutlarining rejimi suv fondi yerlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Suv servituti suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham saqlab qolinadi.
Suv servitutlarini amalga oshirish uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomani olish talab etilmaydi.
Suv servitutining belgilanishi tanho foydalanish uchun berilgan suv obyekti egasini ushbu suv obyektiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
