62-modda. Sugʻoriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Sugʻoriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi sugʻoriladigan yer uchastkasi maydonini bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlariga koʻpaytirish orqali hisob-kitob qilinadi.
Gidrografik zonadagi bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlari mazkur gidrografik zonadagi sugʻoriladigan yerlarda keyingi oʻn gidrologik yil uchun amaldagi oʻrtacha suv olish hajmlarini mazkur gidrografik zonadagi sugʻoriladigan yerlarning umumiy maydoniga boʻlish orqali hisob-kitob qilinadi. Bunda tuproqning mexanik tarkibi, joylashgan joyining relyefi, sizot suvlarning sathi, iqlim sharoitlari, koʻp yillik suv taʼminoti va boshqa omillar ham inobatga olinadi.
Bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativi suv xoʻjaligi organlari tomonidan hisob-kitob qilinadi va bir yilda koʻpi bilan bir marta qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
