38-modda. Suvni davlat tomonidan hisobga olish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvni davlat tomonidan hisobga olish suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni joriy va istiqbolda rejalashtirishdan, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish uchun muayyan hududda yer usti va yer osti suvlarining hamda oqova suvlarning miqdori va sifatini aniqlashdan iborat.
Suvni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
davlat suv fondini tashkil etuvchi suvning miqdor va sifat jihatidan tarkibini belgilash;
suv xoʻjaligi balansini tuzish;
aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan foydalanilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash hamda yangilab borish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun va koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlari uchun soliq bazasini belgilash.
Suv resurslari standart gidrometrik asboblar bilan ularning sifat va miqdor jihatdan tarkibi boʻyicha muntazam hisobga olinishi, standart uslublar bilan qayta ishlanishi hamda havzalar (hududlar) yillik va koʻp yillik hisoblashda baholanishi lozim.
Suv obyektlarining soni va holatini hisobga olish mazkur obyektlarning hajmlari, holati hamda oʻrganilganlik darajasidan kelib chiqib va geoaxborot texnologiyalaridan foydalangan holda kartografiya, gidrogeologiya va geodeziya uslublari bilan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida suvni davlat tomonidan hisobga olish yagona tizim boʻyicha amalga oshiriladi hamda suvdan foydalanuvchilarni xabardor qilish uchun yer usti va yer osti suvlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobga olish maʼlumotlariga hamda suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi maʼlumotlariga asoslanadi. Yer usti va yer osti suvlari maʼmuriy va gidrografik chegaralar doirasida, shuningdek suvdan foydalanuvchilar doirasida hisobga olinadi.
