37-modda. Metrologik normalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi metrologik normalashtirish metrologik taʼminlash talablarini belgilaydigan normalar hamda qoidalar ishlab chiqilishini nazarda tutadi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan oʻlchash vositalari va oʻlchovlarni bajarish uslubiyatlari metrologiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan oʻlchash vositalari natijalarni belgilangan aniqlik koʻrsatkichlari bilan taʼminlashi kerak.
Belgilangan metrologiya talablariga muvofiq boʻlmagan hamda belgilangan tartibda oʻlchovlarni bajarish uslubiyatlari bilan attestatsiyadan oʻtkazilmagan oʻlchash vositalaridan foydalangan holda olingan, suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi oʻlchash natijalari ishonchsiz hisoblanadi hamda bekor qilinishi lozim.
