138-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulgʻalanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida va ularga tutash hududlarda suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulgʻalanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni, shuningdek suvlarning holatini va ulardan foydalanish rejimini yaxshilashni taʼminlovchi quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi, jumladan:
sanoat suv taʼminotining suv aylanish tizimlarini, oqova suvlarni tozalash va zararsizlantirish inshootlarini qurishga qaratilgan texnologik chora-tadbirlar;
iqtisodiyot tarmoqlarida oqova suvlar choʻkindilaridan foydalangan holda utilizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar;
sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish obyektlarida tozalash hamda zararsizlantirish inshootlarining barqaror ishlashini taʼminlovchi texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar;
ifloslangan oqova suvlar hosil boʻlishini istisno etuvchi texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar;
suv obyektlari sohillarini mustahkamlash, ularni yuvilib ketishdan, botqoqlanishdan muhofaza qilish, shuningdek suv obyektlari suv oqimining tabiiy rejimini barqarorlashtirish va yaxshilashni taʼminlovchi oʻrmon-melioratsiya hamda agrotexnik chora-tadbirlar;
suvdan foydalanish uchun qulay sharoitlar mavjud boʻlishini taʼminlaydigan suv xoʻjaligi inshootlari qurilishini, shuningdek zarur hollarda daryolar, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari oʻzanlarini, hovuzlar, koʻllar va suv omborlari tublarini balchiq va choʻkindilardan tozalashni nazarda tutuvchi irrigatsiya-melioratsiya chora-tadbirlari;
suv obyektlariga oqiziladigan oqova suvlarni yuqumsizlantirishni va zararsizlantirishni, shuningdek xoʻjalik faoliyati uchun egallangan hududlarning sanitariya muhofazasini va obodonlashtirilishini taʼminlovchi sanitariya-texnik chora-tadbirlar;
suvlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan korxonalarni, binolar va inshootlarni suvni muhofaza qilish zonalaridan tashqariga koʻchirishni yoki ularni yopishni nazarda tutuvchi tashkiliy chora-tadbirlar;
atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatish uchun ifloslantiruvchi vositalardan foydalanmagan holda koʻkalamzorlashtirish uchun koʻchatlar va dov-daraxtlar ekishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar.
Yangi qurilayotgan suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari mazkur suv obyektlarini qurish qiymatiga kiritiladi.
