139-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish shartlari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirishda, yangi texnologik jarayonlarni joriy etishda aholining sogʻligʻini saqlash hamda ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlarini birinchi navbatda qanoatlantirish talablariga rioya etgan holda suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish, shuningdek kollektor-drenaj suvlarini va oqova suvlarni chiqarib yuborishning qulay rejimi taʼminlanishi kerak. Bunda suv obyektlaridan olinadigan va ularga qaytariladigan suvni hisobga olishni, suvlarni ifloslanish, bulgʻanish va kamayib ketishdan saqlashni, suvlarning zararli taʼsirining oldini olishni, yerlarning suv bosishini imkon qadar kamaytirishni, yerlarni shoʻrlanishdan, zax bosishdan yoki qaqrab qolishdan muhofaza qilishni, shuningdek qulay tabiiy sharoitlar va landshaftlarni saqlab qolishni taʼminlovchi tadbirlar nazarda tutiladi.
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari suv obyektlaridan dam olish va sport uchun foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak.
