137-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini tasdiqlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari:
tuman ahamiyatga ega boʻlgan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari boʻyicha — tuman hokimining qarorlari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega boʻlgan daryolar, qurimaydigan soylar, suv omborlari va boshqa suv havzalari, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari hamda respublika ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Tarkibiga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradigan suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan, tarkibiga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradiganlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralari (hududlari) joyida (naturada) ogohlantiruvchi belgilar bilan belgilanadi.
Loyiha tashkiloti tomonidan har bir suv obyektining suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari hududining pasporti qonunchilikda belgilangan shaklda tayyorlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasi yoki sanitariya muhofazasi zonasi hududining pasportida suv obyektining nomi, belgilangan zonalar (mintaqalar) va ushbu zonalardagi yerlardan foydalanish rejimi koʻrsatiladi. Pasportga belgilangan zonalar (mintaqalar) chegaralari (hududlari) tasvirlangan kartografik material ilova qilinadi.
Pasport mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari tomonidan imzolanadi hamda xoʻjalik faoliyati rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun davlat nazorati organlariga va boshqa manfaatdor organlarga yuboriladi.
