136-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda kelishish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi (ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari, suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va qayta tiklash loyihalari boʻyicha ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlar, suv xoʻjaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar):
loyihani ishlab chiqish uchun topshiriqni rasmiylashtiradi, uni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari boʻyicha), qurilish organlari va kadastr organlari (obyekt shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan oʻtgan hollarda) bilan kelishadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zimmasiga yer tuzish ishlarini oʻtkazish vazifalari yuklatilgan tashkilotlar bilan loyihani ishlab chiqishga doir shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
Zimmasiga yer tuzish ishlarini oʻtkazish vazifalari yuklatilgan tashkilot:
suv xoʻjaligi obyektlarini, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirishni hisobga olgan holda, ulardan foydalanish boʻyicha amaldagi normativlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yer tuzishning hududiy sxemalari va kompleks dasturlariga, tegishli hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha tasdiqlangan hujjatlarning shaharsozlik faoliyatiga hamda mazkur hududlarni va aholi punktlarini qurishga doir qismiga, shuningdek ushbu Kodeks 24-bobining qoidalarga amal qiladi;
suv obyektlari joylashgan yerlarning hamda ularga tutash boʻlgan, yer osti sizot suvlari sathining pasayishi va koʻtarilishi zonasi doirasidagi hududlarning zoogeografik, ovchilik xoʻjaligi, geobotanik, tuproq, oʻrmon xoʻjaligi, gidrogeologik xususiyatlarini oʻrganadi;
ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbasi akvatoriyasining (suv olish inshooti darvozasidan 2 kilometr yuqori va 2 kilometr quyi oʻlchamda boʻlgan zonalarning) ixtiologik, baliqchilik xoʻjaligi, gidrogeologik, gidrobiologik, gidrokimyoviy xususiyatlarini oʻrganadi;
sanitariya-epidemiologik vaziyat toʻgʻrisidagi, shuningdek flora va faunaning alohida muhofaza etiladigan turlari, suv obyektlari taʼsiri zonasida joylashgan tabiat yodgorliklari, qoʻriqxonalar haqidagi maʼlumotlarni toʻplaydi va oʻrganadi;
