135-modda. Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalarining, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlarining sanitariya muhofazasi zonasida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
qurilish, bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlarini qurish mustasno;
turar joy va jamoat binolarini joylashtirish, odamlarning, shu jumladan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimida ishlovchilarning yashashi;
turli maqsadlar uchun moʻljallangan quvurlar oʻtkazish, bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlariga xizmat koʻrsatuvchi quvurlar mustasno;
oqova suvlarni yer usti suv manbalariga oqizish, choʻmilish, chorva mollarini sugʻorish va boqish, baliq ovlash, zaharli kimyoviy vositalarni, pestitsidlarni, gerbitsidlarni, mineral va organik oʻgʻitlarni qoʻllash, saqlash va koʻmish, transport vositalarini yuvish.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida:
oqova suvlarni tozalash inshootlari birinchi mintaqadan tashqarida joylashtirilgan holda, barcha binolar suvni chiqarib tashlashning eng yaqin tizimiga ulangan boʻlishi kerak, oqova suvlarini chiqarib yuborish mavjud boʻlmagan taqdirda, axlatlarni chiqarib tashlashga doir sanitariya talablari hisobga olingan holda suv oʻtmaydigan, axlat tushadigan oʻralar barpo etilishi kerak;
yer usti suv oqimining birinchi mintaqadan tashqariga chiqarilishi taʼminlanishi kerak;
oʻrmonni sanitariya jihatidan kesishga va uni parvarish qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlarining sanitariya-himoya mintaqasi doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
hududni maishiy chiqindilar, goʻng, sanoat va qurilish chiqindilari, maishiy oqovalar va boshqalar bilan ifloslantirish;
