134-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida, sanitariya muhofazasi zonalarida va sohil boʻyi mintaqalarida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suvni muhofaza qilish zonalariga va sanitariya muhofazasi zonalariga kiritilgan yerlar, yerlardan foydalanuvchilardan va ijarachilardan olib qoʻyilmaydi hamda ular tomonidan ushbu Kodeksning 24-bobida belgilangan talablarga rioya etgan holda foydalaniladi, bundan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarining yerlari mustasno.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan:
daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil boʻyi mintaqalari ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga;
suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqalari ushbu obyektlardan foydalanishni, ularni rekonstruksiya qilishni, taʼmirlashni va tiklashni, suv resurslarining oqilona boshqarilishini va hisobi yuritilishini taʼminlash, ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlarga beriladi.
Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil boʻyi mintaqalaridagi tuproq uyumlari uchun maydonlar foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga koʻra, tuproq uyumlarini olib tashlash va rejalashtirish ishlarini bajarish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek tuproq uyumlaridan qurilish materiallari sifatida foydalanish uchun fermer va dehqon xoʻjaliklariga hamda boshqa tashkilotlarga muddatli (vaqtincha) foydalanishga yoki shartnoma asosida ijaraga berilishi mumkin.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti va mineral suvlar manbalari sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi mintaqalari yer uchastkalari bilan birgalikda suv olish inshootlari va boshqa inshootlar qurish uchun ushbu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa tabiiy suv oqimlarining, shuningdek suvi ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti ehtiyojlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
oʻsimliklar zararkunandalari va kasalliklariga, begona oʻtlarga qarshi ishlatiladigan zaharli kimyoviy vositalarning har qanday turlarini qoʻllash va koʻmish;
