125-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan bulgʻanishi, ifloslanishi, kamayishi va loyqa choʻkishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, shuningdek qulay suv rejimini saqlash, foydalanish hamda taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari belgilanadi.
Aholining ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarni muhofaza qilish maqsadida suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Suv obyektlarining belgilangan maqsadidan, joylashgan oʻrnidan va texnik koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida xoʻjalik faoliyatining maxsus rejimi belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari tegishli loyihalar asosida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, togʻ-kon sanoati va geologiya organlarining, shuningdek suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning takliflari boʻyicha belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash va ulardan sohil boʻyi mintaqalarini ajratish, shuningdek sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash va ulardan sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish boʻyicha loyihalar (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi):
tabiiy suv obyektlari boʻyicha — har bir shunday suv obyekti boʻyicha alohida;
suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha — qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalari tarkibida yoki alohida;
aholining ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish suv manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari boʻyicha — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Quyidagilar loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilar hisoblanadi:
tabiiy yer usti suv obyektlari boʻyicha — tegishliligi boʻyicha suv xoʻjaligi, shuningdek ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari;
yer osti suv obyektlari boʻyicha — togʻ-kon sanoati va geologiya organlari;
