124-modda. Yer osti suvlarini muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Yer osti suvlarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanuvchi shaxslar suv chiqarish uchastkasida hamda unga tutash hududda ularning rejimi ustidan kuzatuvlar olib borishi, shuningdek foydalanilayotgan suvning miqdori va sifati hisobini yuritishi shart.
Agar foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni oʻrganish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan burgʻilash hamda boshqa kon-qidiruv ishlarini bajarish chogʻida yer osti suvlari bor qatlamlar aniqlangan boʻlsa, bu haqda togʻ-kon sanoati va geologiya organlariga xabar qilinishi hamda belgilangan tartibda yer osti suvlarini muhofaza qilishga doir choralar koʻrilishi zarur.
Sanoat va boshqa oqova suvlarini oqizish uchun qaziladigan quduqlar suvli qatlamni ifloslantirish manbaiga aylanishi mumkin boʻlgan barcha hollarda bunday quduqlarni qazish taqiqlanadi.
Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi. Bunda har bir quduqni burgʻilashga Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi qonunchilikda belgilangan tartibda gidrogeologik xulosani berganidan keyin yoʻl qoʻyiladi. Gidrogeologik xulosani olmasdan turib, quduq burgʻilash qonunga xilof deb hisoblanadi.
Oʻz-oʻzidan suv chiqaradigan va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan quduqlarga suvni boshqarish uskunalari oʻrnatilishi, ular konservatsiya qilinishi yoki tugatilishi lozim, foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan boshqa quduqlar esa qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilishi lozim.
Yer osti chuchuk suvlari konlari shakllanadigan zonada qattiq va suyuq chiqindilar toʻplagichlarini, chiqindixonalarni oʻrnatishga, faoliyati yer osti suvlarining ifloslanish manbaiga aylanishi mumkin boʻlgan sanoat, qishloq xoʻjaligi obyektlari va boshqa obyektlar joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer osti suvlarini muhofaza qilish, shu jumladan quduqlarni kuzatish tarmogʻini yaratish va ishlab chiqarish monitoringini yuritish tadbirlari faoliyati yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
