123-modda. Yer osti suvlaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Yer osti suvlaridan maqsadli foydalanilishi lozim. Guruhli suv olish orqali (bitta inshootda ikki va undan ortiq bir vaqtning oʻzida foydalaniladigan burgʻi quduqlari mavjud boʻlganda) yer osti chuchuk va tuzi kamroq suvlardan, shuningdek termal va mineral suvlardan foydalanishga tasdiqlangan ishlatilayotgan zaxiralar mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Yer osti suvlarining zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Yer osti suvlaridan turli ehtiyojlar uchun foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi organlari tomonidan suv xoʻjaligi organlari bilan birgalikda ularning yer usti suvlari bilan oʻzaro bogʻliqligi hisobga olingan holda tartibga solinadi.
Yer osti suvlaridan foydalanish suvdan maxsus foydalanish tartibi va shartlariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
