120-modda. Kichik daryolar va soylarni muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Kichik daryolar va soylardan foydalanish suvdan umumiy yoki maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Kichik daryolar va soylar suvlarini muhofaza qilish zonalari va mintaqalari doirasida suvdan umumiy foydalanishni hamda xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek ularning bulgʻalanishi, ifloslanishi va kamayishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
Sel kelish xavfi boʻlgan hududlarda suvdan umumiy foydalanish, xoʻjalik faoliyatini va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan ham kelishiladi.
Xoʻjalik faoliyati kichik daryolar va soylarning holati va rejimiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar suv xoʻjaligi organlari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan birgalikda suvlilikni, suvning tozaligi va sifatini saqlash tadbirlarini amalga oshirishi kerak.
Kichik daryolar va soylarning suvliligini saqlash maqsadida ushbu daryolar va soylarda quyidagilar taqiqlanadi:
havzaning relyefini oʻzgartirish, qurib borayotgan daryolarning va ular oqimlarining oʻzanlarini buzish, oʻzgartirish;
oʻzanlarni toʻgʻirlash yoki toraytirish, ularning tubini tabiiy sathidan past qilib chuqurlashtirish yoxud ularni suv oʻtkazish inshootlari bilan jihozlamasdan toʻsib qoʻyish;
havzaning tabiiy oʻsimliklar qoplamini va serdaraxtligini kamaytirish, qayir yerlarni shudgorlash va bunday yerlarda kimyoviy oʻgʻitlar vositalarini qoʻllash;
yuqori qismidagi botqoqlashgan uchastkalarda va tabiiy yerlarda quritish melioratsiya ishlarini amalga oshirish;
suvliligiga va ulardagi suvning sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
Kichik daryolar va soylarning suvini muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning, shuningdek fuqarolarning ushbu zonalar va hududlardagi xoʻjalik faoliyati rejimi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
