119-modda. Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarini muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarini muhofaza qilishning huquqiy rejimi ushbu Kodeksda, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
suv obyektlaridagi barqaror suv oqimi, ekologik tizimlarni saqlash va tiklash uchun ekologiya hamda sanitariya maqsadlarida suv chiqarib turilishi ustuvorligini taʼminlash;
suv obyektining ekologik tizimi uchun texnogen yuklama va suv sifati normativlarini belgilash;
suv obyekti akvatoriyasini suv va shamol eroziyasidan, choʻllanishdan, botqoqlanishdan, ikkilamchi shoʻrlanishdan, ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilari hamda boshqa ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilish;
antropogen aralashuv yoki tabiiy ofatlar natijasida buzilgan suv fondi yerlarini rekultivatsiya qilish;
sanitariya-epidemiologik va ekologik vaziyatni saqlash hamda yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy faoliyatning alohida rejimini oʻrnatish;
tabiiy hududlardagi suv obyektlarini saqlashga qaratilgan boshqa tadbirlar.
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarida va ularga tutash hududlarda quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyekti havzasining tabiiy ekotizimlari buzilishiga, aholining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan atrof-muhitning oʻzgarishiga sabab boʻladigan faoliyat;
zararsizlantirish yoki utilizatsiya qilish imkoni boʻlmagan radioaktiv chiqindilar va mahsulotlarni suvni muhofaza qilish zonalariga olib kirish, ushbu zonalarda saqlash yoki koʻmish;
qamishni va boshqa oʻsimliklarni oʻrish, ularni yoqish, daraxtlarni tomiri bilan sugʻurib olish, baliqlar uvuldiriq tashlaydigan joy sifatida ahamiyatga ega boʻlgan daryolar oʻzanlariga ishlov berish;
majburiy davlat ekologiya-sanitariya ekspertizasini oʻtkazmasdan, ishlarni bajarish boʻyicha xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish va xizmatlar koʻrsatish;
alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarining holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan boshqa faoliyat.
Suvdan va suv resurslaridan kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning bosh hamda havza sxemalarini tuzishda alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarida xoʻjalik faoliyatini tartibga solish rejimining oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarining roʻyxati va ularda xoʻjalik faoliyatini tartibga solishga doir huquqiy rejimning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
