118-modda. Yer usti suvlarini va yer osti suvlarini kamayishdan muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Yer usti suvlarining kamayishi deganda yer usti suvlarining muayyan hudud yoki havza doirasidagi yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdoriga, zaxiralariga nisbatan ularning barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining kamayishi deganda yer osti suvlari konlarining yoki suvli qatlamning muayyan hududi yoki havzasi doirasida yer osti suvlarining oʻzgaruvchan (tabiiy) zaxiralarining barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining meʼyoridan ortiq olinishi hamda suvli qatlamga suvning yetarlicha oqib kelmasligi yoki uning toʻlmasligi, oʻzi quyiladigan artezian quduqlar nazorat qilinmasligi va boshqa sabablar oqibatida foydalaniladigan suvli qatlamning oʻzgaruvchan darajalarining vaqt oʻtgan sayin barqaror hamda jadal kamayishi, shuningdek suvli qatlamlarning ifloslanishi yer osti suvlari kamayishining belgisidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer usti suvlarini va yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda ularning kamayishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrishi shart.
