117-modda. Suvni va suv obyektlarini bulgʻatish hamda ifloslantirishdan muhofaza qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyektlariga ishlab chiqarish, maishiy va boshqa turdagi tozalanmagan oqova suvlar, chiqitlar hamda chiqindilarni tashlash;
moylarning, yogʻochning, kimyoviy, neft mahsulotlarining hamda boshqa mahsulotlarning toʻkilib-sochilishi natijasida suvni va suv obyektlarini bulgʻatish va ifloslantirish;
suv toʻplanadigan joylarning, muz qoplamasining, suv havzalarining yuzasini sanoatdagi tashlandiq narsalar, maishiy va boshqa chiqitlar, chiqindi hamda tashlandiq chiqitlar, shuningdek yuvilib ketishi yer usti va yer osti suvlarining sifati yomonlashishiga olib keladigan neft va kimyoviy mahsulotlar bilan bulgʻatish hamda ifloslantirish;
suvlarni oʻgʻitlar, zaharli kimyoviy moddalar va boshqa zararli moddalar bilan bulgʻatish;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish.
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizishga faqat ushbu Kodeksning 110 va 111-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
