121-modda. Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi · Sana: 30.07.2025 · Amalda
Xoʻjalik faoliyati yoki tabiiy jarayonlar natijasida insonlar sogʻligʻiga, hayvonot va oʻsimlik dunyosiga, atrof tabiiy muhitning holatiga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf soladigan oʻzgarishlar sodir boʻladigan suv obyektlari, ularning qismlari hamda ularning suv toʻplanadigan maydonlari favqulodda ekologik vaziyat yoxud ekologik ofat zonalari deb eʼlon qilinishi mumkin.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat zonalari deb tabiat muvozanatining buzilishi, tabiiy ekologik tizimlarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan, tabiiy muhitdagi barqaror yoki qaytarilmaydigan oʻzgarishlar sodir boʻlgan yoki sodir boʻlayotgan hududlar uchastkalari eʼlon qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari ekologik ahvol yomonligining yuqoriroq darajasini aks ettiruvchi bitta yoki bir necha asosiy va qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha belgilanadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorlar qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalarida shu vaziyatni (ofatni) keltirib chiqargan ishlar toʻxtatib turiladi, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatdan tashqari) taqiqlanadi, uni tiklash va sogʻlomlashtirish choralari koʻriladi.
