6-modda. Yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishning asosiy qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.
Shaxslarning yashashi uchun uy-joy maydonini beruvchi turar joy mulkdori yoki turar joyni tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan shaxs ushbu shaxslarni yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazishi kerak.
Joylashtirish vositalarida turgan shaxslarni turgan joyi boʻyicha xabardor qilish tartibida roʻyxatdan oʻtkazish joylashtirish vositalarining masʼul xodimlari tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Davolash muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan shaxslarni turgan joyi boʻyicha xabardor qilish tartibida roʻyxatdan oʻtkazish ushbu muassasalarning masʼul xodimlari tomonidan “E-mehmon” tizimi orqali amalga oshiriladi.
FHDY organi tomonidan bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida ushbu maʼlumotlar mazkur axborot tizimi orqali ota-onasining (yolgʻiz otasining yoki onasining) yashash joyiga muvofiq bolani yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish uchun avtomatik ravishda “Manzil” tizimiga bir vaqtning oʻzida kelib tushadi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan bolani yashash joyi (turgan joyi) boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish uning ota-onasining (yolgʻiz otasining yoki onasining), tutingan ota-onasining yoki vasiysining (homiysining) arizasiga asosan ularning yashash joyi (turgan joyi) boʻyicha amalga oshiriladi.
Tarbiya, davolash muassasalarida va boshqa muassasalarda turgan yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek qariyalar uylaridagi shaxslarni yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tegishincha tarbiya, davolash muassasalari va boshqa muassasalar, shuningdek qariyalar uylari rahbarlarining xatlariga asosan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Jazoni ijro etish muassasalariga jazoni oʻtash uchun keltirilgan shaxslarni turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish jazoni ijro etish muassasalari rahbarlarining xatlariga asosan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
