7-modda. Yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtish zarur boʻlgan muddatlar
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻz yashash joyi yoki turgan joyi oʻzgargan taqdirda, yangi yashash joyiga yoki turgan joyiga kelgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay tegishincha yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijda doimiy yashovchi fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasiga kirgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga kirgan kundan eʼtiboran, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki qonunchiligida boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, uch ish kunidan kechiktirmay turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi shart.
