5-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bola — oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs;
vasiylikdagi yoki homiylikdagi bola (bundan buyon matnda vasiylikdagi (homiylikdagi) bola deb yuritiladi) — oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan bola;
davolash muassasalari — sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat klinikalari va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalar va boshqa tibbiyot muassasalari;
yolgʻiz ota yoki ona — bolani tarbiyalayotgan ota (ona), basharti bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlarda ota-onasidan biri haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa yoxud bunday maʼlumotlar bolani tarbiyalayotgan otaning (onaning) soʻzlariga asosan kiritilgan boʻlsa;
joylashtirish vositalari — mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, mehmon uylari, oʻtov va chodirli oromgohlar, sanatoriylar hamda mehmonxona xizmatlari (joylashtirish boʻyicha xizmatlar) koʻrsatiladigan boshqa obyektlar;
identifikatsiyalovchi ID-karta (bundan buyon matnda identifikatsiyalovchi karta deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi hududida identifikatsiyalovchi karta egasining shaxsini va fuqaroligini, yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlaydigan, egasining shaxsiga doir biografik va biometrik maʼlumotlar kiritilgan elektron jismga (chipga) ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga, chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga beriladigan hujjat;
turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining, chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning turgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda qayd etish;
fuqaroligi boʻlmagan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan va oʻzining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlmagan shaxs;
chet el fuqarosi — Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxs;
yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda qayd etish;
