4-modda. Yashash joyi va turgan joy tushunchalari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida (O‘RQ-1074-son) · Sana: 10.07.2025 · Amalda
Shaxs mulkdor sifatida, ijara (ikkilamchi ijara), tekin foydalanish shartnomasi boʻyicha yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra doimiy ravishda (asosan) yashaydigan hamda oʻzi yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan uy, kvartira, xizmat turar joyi, maxsus uy (yotoqxona, vaqtinchalik uy-joy fondi uyi yoki nogironlar, faxriylar, yolgʻiz qariyalar uchun internat-uy, shuningdek bolalar uyi yoki boshqa maxsus maqsadli uy) yoxud boshqa turar joy yashash joyidir.
Shaxs qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarda vaqtincha yashaydigan joylashtirish vositasi, davolash muassasasi yoki shaxsning yashash joyi hisoblanmaydigan turar joy turgan joydir.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxslarning yoki vasiylikdagi shaxslarning qonuniy vakillari — tegishincha ota-onalari (yolgʻiz otasi yoki onasi), farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy mazkur voyaga yetmagan shaxslarning yoki vasiylikdagi shaxslarning yashash joyi hisoblanadi.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn olti yoshga qadar boʻlgan voyaga yetmagan shaxslarning yoki homiylikdagi shaxslarning qonuniy vakillari — tegishincha ota-onalari (yolgʻiz otasi yoki onasi), farzandlikka oluvchilari yoki homiylari yashaydigan joy mazkur voyaga yetmagan shaxslarning yoki homiylikdagi shaxslarning yashash joyi hisoblanadi.
