17-modda. Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish
“Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (446-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Fuqarolarning davlat organiga kelib tushgan murojaatlari ana shu organning oʻzi yoki zimmasiga murojaatlarni koʻrib chiqish vazifasi yuklatilgan mansabdor shaxs tomonidan koʻrib chiqiladi.
Fuqarolarning murojaatlari, agar ular qoʻyilgan masalalarni hal etish vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga yuborilgan boʻlsa, uzogʻi bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga joʻnatiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi. Murojaatlarni koʻrib chiqishi uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish yoki qarori yohud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning oʻziga joʻnatish man etiladi. Agar fuqarolarning murojaatlarida ularni tegishli organlarga joʻnatish uchun zarur maʼlumotlar boʻlmasa, bu murojaatlar xuddi shu muddat mobaynida asoslantirilgan tushuntirish bilan fuqaroning oʻziga qaytariladi.
Fuqarolarning murojaatlarini har taraflama mufassal va xolisona koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha axborotlar, maʼlumotnomalar va materiallarga zarurat paydo boʻlsa, mazkur murojaatni koʻrib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi qoʻshimcha axborot toʻplashi mumkin.
Fuqarolarning murojaatini koʻrib chiqayotgan davlat organi zarur hollarda murojaat joyning oʻzida koʻrib chiqilishini taʼminlashi kerak.
Alohida hollarda, murojaat etgan shaxsning oʻzi yoki boshqa shaxs yoʻqligida murojaatni koʻrib chiqishning imkoni boʻlmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.
Fuqarolarning murojaatlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.
Agar ariza, taklif yoki shikoyatda bayon qilingan masalalar hal etilayotganda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish zarurati yuzaga kelsa, bu ish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
