16-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlarni berish muddatlari
“Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (446-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlar berishi uchun muddat belgilanmaydi. Ayrim hollarda muayyan davlat organining ariza, taklif va shikoyatni koʻrib chiqish imkoniyatiga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini oʻz vaqtida roʻyobga chiqarish, ularning qonuniy manfaatlari himoya etilishini taʼminlash zaruratiga bogʻliq boʻlsa, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra, bunday davlat organlariga ariza, taklif va shikoyatlarni berish muddati belgilanishi mumkin.
Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat fuqaroga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakatlar (harakatsizlik) sodir etilganligi yoki qarorlar qabul qilinganligi maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir yil ichida berilishi mumkin. Uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddat ariza yoki shikoyatni koʻrib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.
