6-modda. Foydali modelning muhofazaga layoqatliligi shartlari
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Foydali model sifatida koʻrsatilgan obyekt, basharti u yangi boʻlsa va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Foydali model, basharti uning muhim alomatlari majmui texnika taraqqiyoti darajasidan maʼlum boʻlmasa, yangi deb hisoblanadi.
Talabnoma topshirilgan foydali model amalga oshirishi mumkin boʻlgan vazifalarni bajara oladigan vositalar haqidagi hamma foydalana oladigan barcha maʼlumotlar, shuningdek ularni qoʻllashga doir maʼlumotlar texnika taraqqiyoti darajasiga kiritiladi.
Foydali model, basharti undan amalda foydalanish imkoni boʻlsa, sanoatda qoʻllash mumkin deb hisoblanadi.
Basharti foydali modelga oid talabnoma, shu foydali modelga taalluqli maʼlumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita ushbu maʼlumotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan boʻlsa, bu holat foydali modelning yangiligiga taʼsir koʻrsatadigan vaziyat sifatida eʼtirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida boʻladi.
Amaliyotbop qilib tayyorlangan ishlab chiqarish vositalari va isteʼmol buyumlari, shuningdek ularning tarkibiy qismlari foydali modellar jumlasiga kiradi.
Quyidagilar foydali modellar sifatida muhofaza qilinmaydi:
usullar, moddalar, mikroorganizm shtammlari, oʻsimlik va hayvonlar hujayralarining turlari, shuningdek ularning yangi maqsadda qoʻllanilishi;
ushbu Qonun 5-moddasining toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan obyektlar.
