7-modda. Sanoat namunasining patentga layoqatlilik shartlari
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Sanoat namunasi sifatida koʻrsatilgan obyekt, basharti u yangi, oʻziga xos boʻlsa va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Sanoat namunasi, basharti buyumning estetik va (yoki) ergonomik xususiyatlarini belgilovchi muhim alomatlari majmui sanoat namunasiga ustuvorlik berish sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor boʻlgan maʼlumotlardan ayon boʻlmasa, yangi deb hisoblanadi.
Sanoat namunasining yangiligini aniqlash chogʻida birmuncha oldin ustuvorlikka ega boʻlgan holda topshirilgan va qaytarib olinmagan talabnomalar ham hisobga olinadi.
Sanoat namunasi, basharti uning muhim alomatlari majmui buyum estetik xususiyatlarining ijodiy xarakteri bilan bogʻliq boʻlsa, asl hisoblanadi.
Sanoat namunasi, basharti uni takror-takror hosil qilish mumkin boʻlsa, sanoatda qoʻllash mumkin deb eʼtirof etiladi.
Basharti sanoat namunasiga oid talabnoma, shu sanoat namunasiga taalluqli maʼlumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yohud bilvosita ushbu axborotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan boʻlsa, bu holat sanoat namunasining patentga layoqatliligini tan olishga taʼsir koʻrsatadigan vaziyat sifatida eʼtirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida boʻladi.
Buyumning tashqi koʻrinishini ifodalaydigan badiiy konstruktorlik yechimlari sanoat namunasi jumlasiga kiradi.
Quyidagilar sanoat namunalari sifatida eʼtirof etilmaydi:
matbaa mahsulotlari;
meʼmorchilik obyektlari, (kichik meʼmorchilik shakllaridan tashqari), sanoat, gidrotexnika inshootlari va boshqa statsionar inshootlar;
suyuq, gazsimon sochiluvchan yoki shunga oʻxshash moddalardan iborat oʻzgaruvchan shakldagi obyektlar;
buyumning faqat texnik funksiyasi bilan bogʻliq boʻlgan yechimlar;
mahsulotlarning jamoat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlari.
