5-modda. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Ixtiro sifatida koʻrsatilgan obyekt, basharti u yangi, ixtirochilik darajasiga ega boʻlsa va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.
Ixtiro, basharti u texnika taraqqiyoti darajasidan maʼlum boʻlmasa, yangi deb hisoblanadi.
Ixtiro, basharti u texnika taraqqiyoti darajasi haqidagi maʼlumotlardan yaqqol ayon boʻlmasa, ixtirochilik darajasiga ega boʻladi.
Texnika taraqqiyoti darajasi ixtiro ustuvorligi sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor boʻlgan har qanday maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Ixtironing yangiligini aniqlash chogʻida birmuncha oldin ustuvorlikka ega boʻlgan holda topshirilgan va qaytarib olinmagan talabnomalar ham hisobga olinadi.
Ixtiro, basharti uni sanoat, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda qoʻllash mumkin boʻlsa, sanoatda qoʻllash mumkin deb hisoblanadi.
Basharti, ixtiroga oid talabnoma, shu ixtiroga taalluqli maʼlumot muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita Ushbu maʼlumotni olgan boshqa har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor qilingan sanadan boshlab olti oydan kechiktirmay Patent idorasiga topshirilgan boʻlsa, bu holat ixtironing patentga layoqatliligini tan olishga taʼsir koʻrsatadigan vaziyat sifatida eʼtirof etilmaydi. Bunday holda ushbu faktni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida boʻladi.
Qurilmalar, usullar, moddalar, mikroorganizmlarning shtammlari, oʻsimliklar va hayvonlar hujayralarining turlari, ilgaridan maʼlum boʻlgan qurilmalar, usullar, moddalarning, mikroorganizmlar shtammlarining yangi maqsadda qoʻllanilishi ixtiro sifatida eʼtirof etiladi.
Quyidagilar ixtiro sifatida eʼtirof etilmaydi:
ilmiy nazariyalar va matematika usullari;
xoʻjalikni tashkil etish va boshqarish usullari;
shartli belgilar, jadvallar, qoidalar;
aqliy operatsiyalarni bajarish qoidalari va usullari;
elektron hisoblash mashinalari uchun algoritmlar va dasturlar;
binolar, inshootlar, hududlarni rejalashtirish loyihalari va sxemalari;
estetika talablarini qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan, mahsulotlarning faqat tashqi koʻrinishiga oid yechimlar;
integral sxemalarning topologiyalari;
oʻsimlik navlari va hayvon zotlari;
jamoat manfaatlari, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlar.
