20-modda. Rasmiy va dastlabki ekspertizalar
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Rasmiy ekspertiza Patent idorasi tomonidan sanoat obyekti mulkiga oid talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy oʻtganidan soʻng oʻtkaziladi. Talabnoma beruvchining iltimosiga koʻra rasmiy ekspertiza mazkur muddat oʻtmasdan boshlanishi mumkin. Bu holda talabnoma beruvchi iltimosnoma berilgan paytdan boshlab talabnoma materiallariga qoʻshimcha boj toʻlamasdan oʻz tashabbusi bilan tuzatishlar va aniqliklar kiritish huquqidan mahrum boʻladi.
Talabnomani rasmiy ekspertizadan oʻtkazish chogʻida taqdim qilingan taklifning huquqiy muhofaza taʼminlanadigan sanoat mulki obyektlariga qay darajada mosligi koʻrib chiqiladi va uning ustuvorligi belgilanadi.
Rasmiy ekspertizaning ijobiy natijasi va ustuvorlik belgilanganligi haqida talabnoma beruvchiga xabar qilinadi.
Dastlabki ekspertiza Patent idorasi tomonidan ixtiroga, sanoat namunasiga yoki foydali modelga dastlabki patent berish soʻralgan talabnoma boʻyicha oʻtkaziladi.
Dastlabki ekspertiza oʻtkazish chogʻida koʻrsatilgan obyektning talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan talabnoma materiallarida keltirilgan texnika taraqqiyoti darajasi boʻyicha yoki (va) Oʻzbekiston Respublikasining patent hujjatlari boʻyicha yangilik va sanoatda qoʻllash shartlariga qanchalik mosligi tekshiriladi.
Basharti talabnomani dastlabki ekspertizadan oʻtkazish natijasida sanoat mulki obyektiga oid talabnoma materiallari qoʻyilayotgan talablarga mos kelishi aniqlansa, Patent idorasi dastlabki patent berish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda rasmiy xabar eʼlon qiladi.
Basharti dastlabki ekspertiza natijasida obyekt qoʻyilayotgan talablarga mos emasligi aniqlansa, Patent idorasi dastlabki patent berishni rad qilish haqida qaror qabul qiladi.
Talabnoma beruvchi Patent idorasining qarori ustidan qarorni olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida Patent idorasining Apellatsiya kengashiga (matnda bundan keyin Apellatsiya kengashi deb yuritiladi) shikoyat berishi mumkin. Apellatsiya kengashi shikoyatni u tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida koʻrib chiqishi lozim. Apellatsiya kengashining Patent idorasi vakolat doirasidagi qarori uzil-kesil hisoblanadi.
Talabnomalarni rasmiy va dastlabki ekspertizalardan oʻtkazishning ushbu moddada belgilangan va talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatlari muddatlar uzaytirilishini muqarrar qilib qoʻygan sabablar tasdiqlangan va boj toʻlangan taqdirda Patent idorasi tomonidan tiklanishi mumkin.
