21-modda. Mohiyatan ekspertiza oʻtkazish
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Patent idorasi ixtiro va sanoat namunasiga patent berish soʻralgan talabnomani talabnoma topshirilgan sanadan boshlab oʻn ikki oy ichida talabnoma beruvchi tomonidan kiritilishi mumkin boʻlgan iltimosnomaga koʻra mohiyatan ekspertizadan oʻtkazadi.
Mohiyatan ekspertiza oʻtkazish haqidagi iltimosnoma berishning mazkur muddati buzilgan taqdirda talabnoma qaytarib olingan hisoblanadi.
Basharti talabnomani mohiyatan ekspertizadan oʻtkazish natijasida talabnoma beruvchi taklif qilgan formula bilan ifodalangan ixtiro sifatida taʼriflangan obyekt, muhim alomatlar majmui sifatida ifodalangan sanoat mulki sifatida taʼriflangan obyekt belgilangan talablarga mosligi aniqlansa, Patent idorasi patent berish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda rasmiy xabar eʼlon qiladi.
Talabnoma beruvchi yoki boshqa shaxslar dastlabki patent soʻralgan talabnomani topshirgan sanadan boshlab istalgan paytda, lekin dastlabki patentning amal qilish vaqti tugamasdan oldin beradigan iltimosnomaga koʻra Patent idorasi ixtiro yoki sanoat namunasining patentga layoqatlilik shartlariga muvofiq mohiyatan ekspertiza oʻtkazadi.
Basharti dastlabki patent bilan muhofazalangan sanoat mulki obyektini mohiyatan ekspertizadan oʻtkazishning tugash muddati dastlabki patentning amal qilish muddatidan uzoqroq boʻlsa, iltimosnoma dastlabki patent egasi tomonidan berilishi sharti bilan dastlabki patentning amal qilish muddati mohiyatan ekspertiza oʻtkazish davriga teng muddatga uzaytiriladi.
Boshqa shaxslardan tushgan iltimosnomalar talabnoma beruvchiga maʼlum qilinadi.
Basharti talabnoma beruvchi mohiyatan ekspertiza oʻtkazish haqida mazkur muddatda iltimosnoma topshirmasa, ixtiro yoki sanoat namunasining huquqiy muhofazasi dastlabki patentning amal qilish muddati tugashi bilan toʻxtatiladi.
Ixtiro yoki sanoat namunasi sifatida ifodalangan obyektning patentga layoqatlilik shartlariga mos kelmasligi aniqlansa, patent berishni rad qilish haqida qaror qabul qilinadi.
Talabnoma beruvchi Patent idorasining qarori ustidan qarorni olgan sanadan boshlab uch oy muddat ichida Apellatsiya kengashiga shikoyat berishi mumkin. Apellatsiya kengashi shikoyat tushgan sanadan boshlab toʻrt oy muddat ichida uni koʻrib chiqishi lozim.
Talabnoma beruvchi Apellatsiya kengashi qaroriga rozi boʻlmasa, qarorni olgan sanadan boshlab olti oy muddat ichida Oliy sudga daʼvo bilan murojaat qilishi mumkin. Oliy sudning qarori uzil-kesil hisoblanadi.
