19-modda. Davlat ilmiy-texnik ekspertizasi
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Sanoat mulki obyektiga oid talabnoma boʻyicha Patent idorasi rasmiy ekspertiza, dastlabki ekspertiza va (yoki) mohiyatan ekspertizadan iborat boʻlgan davlat ilmiy-texnik ekspertizasini oʻtkazadi.
Talabnoma topshirilgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida talabnoma beruvchi talabnoma berilayotgan sanoat mulki obyektining mohiyatini oʻzgartirmagan holda unga tuzatishlar, aniqliklar yoki qoʻshimcha materiallar kiritish huquqiga ega.
Sanoat mulki obyektiga oid talabnomaga tuzatishlar, aniqliklar kiritish yoki qoʻshimcha materiallar taqdim etish, boj toʻlash sharti bilan, mazkur muddat oʻtganidan keyin ham, biroq muhofaza hujjatini berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunga qadar amalga oshirilishi mumkin.
Belgilangan talablar buzilgan holda rasmiylashtirilgan talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga soʻrov yuborilib, unda shu soʻrovni olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida tuzatilgan yoki yetishmaydigan materiallarni topshirish taklif qilinadi.
Basharti talabnoma beruvchi mazkur muddatda soʻralgan materiallarni taqdim etmasa yoki belgilangan muddatni uzaytirib berish toʻgʻrisida iltimosnoma topshirmasa, talabnoma qaytarib olingan hisoblanadi.
Sanoat mulki obyekti birligi talablari buzilgan holda berilgan talabnoma yuzasidan talabnoma beruvchiga tegishli soʻrov olgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida ushbu obyektlardan qaysi biri koʻrib chiqilishi lozimligini xabar qilish hamda talabnoma hujjatlariga tegishli aniqliklar kiritish taklif qilinadi. Dastlabki talabnoma materiallariga kiritilgan boshqa obyektlar mustaqil talabnomalar tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Basharti talabnoma beruvchi sanoat mulki obyekti birligi talablari buzilganligi haqida soʻrov olganidan soʻng ikki oy ichida ushbu obyektlardan qaysi biri koʻrib chiqilishi lozimligini xabar qilmasa va aniqlik kiritilgan materiallarni taqdim etmasa, ixtiro, foydali model formulasida yoki sanoat namunasi tavsifida birinchi boʻlib koʻrsatilgan obyekt ekspertizadan oʻtkaziladi.
Talabnoma beruvchi sanoat mulki obyekti tegishli Davlat reyestrida qayd qilingunga qadar ekspertizaning istalgan bosqichida patentlar va dastlabki patentlar soʻralgan talabnomani qaytarib olishi mumkin.
Patentlar va dastlabki patentlar soʻralgan talabnomalarga doir materiallardagi maʼlumotlar Patent idorasida maxfiy saqlanishi kerak va ular haqidagi axborotlar talabnoma beruvchi yoki patent egasining roziligisiz berilmaydi. Patent va dastlabki patent haqidagi maʼlumotlar rasmiy ravishda eʼlon qilingunga qadar talabnomalarga doir materiallardagi axborotlarni oshkor etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
