18-modda. Sanoat mulki obyekti ustuvorligi
Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida (1062-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Sanoat mulki obyekti ustuvorligi talabnoma ushbu Qonun talablariga muvofiq holda rasmiylashtirilib, Patent idorasiga topshirilgan kundan boshlab belgilanadi.
Ustuvorlik:
sanoat mulkini muhofaza qilish Parij konvensiyasi qatnashchisi boʻlgan boshqa davlatda (konvensiya ustuvorligi) berilgan birinchi talabnomada qayd etilgan sanaga koʻra, basharti Patent idorasiga ana shu sanadan boshlab ixtiroga, foydali modelga oid talabnoma oʻn ikki oy ichida, sanoat namunasiga oid talabnoma esa olti oy ichida topshirilgan boʻlsa, belgilanadi. Basharti konvensiya ustuvorligi soʻralgan talabnoma uni beruvchiga bogʻliq boʻlmagan sharoitlarga koʻra belgilangan muddatda topshirib ulgurilmasa, bu muddat Patent idorasi tomonidan uzogʻi bilan yana ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Konvensiya ustuvorligi huquqidan foydalanish istagidagi talabnoma beruvchi oʻzining ana shu istagini talabnomani topshirish paytida koʻrsatishi va (yoki) zarur materiallarni talabnoma topshirilgan sanadan boshlab uch oydan kechiktirmay Patent idorasiga taqdim etishi lozim;
Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etadigan sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha davlatlararo bitimlarga muvofiq topshirilganiga ayni oʻxshash birinchi talabnoma topshirilgan sanaga koʻra, basharti ushbu talabnoma uning egasi tomonidan qaytarib olinib, ustuvorlik sanasi bilan Patent idorasiga talabnoma tushgan sana oʻrtasidagi vaqt ixtiro uchun oʻn ikki oydan va sanoat namunasi uchun olti oydan oshmagan boʻlsa, belgilanadi;
qoʻshimcha materiallar topshirilgan sanaga koʻra, basharti talabnomaga ilova qilingan qoʻshimcha materiallar talabnoma qaratilgan ixtiro mohiyatini oʻzgartirib yuborishi va shu sababga koʻra ular qabul qilinmasligi Patent idorasi tomonidan talabnoma beruvchiga maʼlum qilingan sanadan boshlab uch oy muddat ichida talabnoma beruvchi tomonidan qoʻshimcha materiallar mustaqil talabnoma tarzida rasmiylashtirilgan boʻlsa, belgilanadi;
shu talabnoma beruvchining Patent idorasiga birmuncha oldin taqdim etgan, ushbu sanoat mulki obyektining mohiyatini ochib beruvchi talabnomasi topshirilgan sanaga koʻra, basharti ustuvorlik soʻralgan talabnoma birmuncha oldin berilgan talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab ixtiro va foydali model yuzasidan oʻn ikki oy va sanoat namunasi yuzasidan olti oy ichida topshirilgan boʻlsa, belgilanadi. Bunda birmuncha oldin topshirilgan talabnoma qaytarib olingan deb hisoblanadi.
