8-modda. Shikoyatni koʻrib chiqish
Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida (1064-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Shikoyatlar davlat organlarining, jamoat birlashmalarining, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari yoxud qarorlari tufayli fuqarolarning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini tiklash talab qilingan murojaatlardir.
Davlat organining, jamoat birlashmasining, korxona, muassasa, tashkilotning, mansabdor shaxsning xatti-harakati yoki qarori ustidan shikoyat boʻysunuv tartibiga qarab, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga beriladi.
Yuqori turuvchi davlat organiga, jamoat birlashmasining organiga yoki mansabdor shaxsga davlat organi yoki jamoat birlashmasining organi tomonidan xatti-harakat sodir etilganligi yoki qaror qabul qilinganligi fuqaroga maʼlum boʻlib qolgan vaqtdan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay shikoyat bilan murojaat qilinishi mumkin. Uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddat shikoyatni koʻrib chiqayotgan organ tomonidan tiklanadi.
Yuqori turuvchi davlat organining, jamoat birlashmasining, mansabdor shaxsning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan muddatda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Fuqaro shikoyatni shaxsan berishga yoki bu ishga boshqa shaxsni vakil qilishga haqlidir.
Fuqaroning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxs ham shikoyat berishi mumkin. Voyaga yetmaganlar va muomalaga layoqatsiz shaxslar manfaatlarini koʻzlab ularning qonuniy vakillari shikoyat bilan murojaat qiladilar.
Shikoyatga fuqarolarning murojaati boʻyicha avval qabul qilingan qaror yoki uning koʻchirmasi, shuningdek shikoyatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar ilova qilinadi.
Fuqarolarning shikoyatlarini xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilinayotgan organlar yoki mansabdor shaxslarning oʻziga joʻnatish taqiqlanadi.
