7-modda. Arizani koʻrib chiqish
Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida (1064-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Kuchini yo'qotgan
Arizalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish toʻgʻrisida iltimos bayon etilgan murojaatlardir.
Arizalarni koʻrib chiqish oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari, jamoat birlashmalari, ularning mansabdor shaxslari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari:
arizalarni har tomonlama, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqishlari;
qonunga asoslangan qarorlar qabul qilishlari va ularning ijrosini taʼminlashlari;
arizalarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida fuqarolarga maʼlum qilishlari shart.
Arizada bayon etilgan talablarni qondirishning rad etilishi fuqaroga rad etishning sabablari koʻrsatilgan holda yozma tarzda maʼlum qilinadi.
Arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror ustidan fuqarolar tomonidan ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
