19-modda. Referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning vakolatlari va ularning faoliyatini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida (417-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining referendum oʻtkazuvchi Markaziy komissiyasi ushbu Qonunning bajarilishini nazorat qiladi va uning hamma joyda bir xil qoʻllanilishini taminlaydi, zarur hollarda ushbu Qonunning qoidalarini sharhlash haqida takdimnomalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga kiradi, referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning faoliyatini yoʻnaltirib turadi, pul mablagʻlarini ular oʻrtasida taqsimlaydi, referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning qarorlari ushbu Qonunga zid kelgan hollarda ularni bekor qiladi, umumxalq ovoz berishida ishtirok etish uchun byulletenlar va ishtirokchilar roʻyxatlarining, boshqa hujjatlarning namunalarini belgilaydi, okrug va uchastka komissiyalarining qarorlari va harakatlari bilan tushgan shikoyatlarni qarab chiqadi, hamda ular yuzasidan uzil-kesil qarorlar qabul qiladi, referendum yakunlarini chiqaradi, hujjatlarni saqlash tartibini belgilaydi, ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga muvofiq oʻzga vakolatlarni amalga oshiradi.
Referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari uchastka komissiyalarining faoliyatini tashkil etadi, referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning roʻyxatlari toʻgʻri tuzilishini nazorat qiladi, okrugda ovozlarni hisoblab chiqish natijalarini aniqlaydi, ushbu Qonunga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari “Oʻzbekiston Respublikasi deputatlari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda referendumda qatnashish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning roʻyxatlarini tuzadi, shu bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi, fuqarolarni ovoz berish kunidan xabardor qiladi, ovoz berish uchun binoning tayyorlanishini taʼminlaydi va ovoz berish kunida uchastkalarda ovoz berishni tashkil etadi, ovoz berish natijalarini referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasiga xabar qiladi, ushbu Qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Referendum oʻtkazuvchi komissiyalarning ishini tashkil etish “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Referendum komissiyalarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini barcha davlat va jamoat idoralari, siyosiy partiyalar va harakatlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar bajarishlari shart.
