14-modda. Kosmik monitoring
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Kosmik monitoring Milliy operator tomonidan mahalliy va (yoki) xorijiy kosmik apparatlar va texnologiyalar vositasida amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq mulkchilik shakli, huquqiy rejimi va xususiyatidan qatʼi nazar, yer usti, kosmik fazo va ularda joylashgan barcha obyektlar, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatli hodisalar kosmik monitoring obyektlari deb hisoblanadi.
Kosmik monitoring vazirliklar va idoralarga, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga kosmik xizmatlar koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Kosmik monitoring quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
vazirliklar va idoralar kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga, jumladan ushbu xizmatlarning hajmi, davriyligi va ularni taqdim etish muddatlari haqidagi, shu jumladan kosmik monitoringga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (shunday ehtiyoj mavjud boʻlganda) har yili 20-iyulga qadar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;
maxsus vakolatli davlat organi taqdim etilgan maʼlumotlar asosida ehtiyojlarni oʻrganadi va maqbullashtiradi hamda kelgusi yilning oxiriga qadar kosmik xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etadi.
