15-modda. Davlat kosmik monitoringi
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Davlat kosmik monitoringi kosmik monitoring obyektlarida sodir boʻlayotgan jarayonlar va oʻzgarishlar tamoyillarini davlat manfaatlarini koʻzlagan, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda oʻrganishdan, shu jumladan Yerni masofadan zondlash maʼlumotlariga va boshqa maʼlumotlarga ishlov berishdan hamda ularni tahlil qilishdan, shuningdek qonunchilikning buzilishi hollarini aniqlashga koʻmaklashishdan iboratdir.
Davlat kosmik monitoringi faqat Milliy operator tomonidan amalga oshiriladi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Davlat kosmik monitoringi ushbu moddaning toʻrtinchi — sakkizinchi qismlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Maxsus vakolatli davlat organi davlat kosmik monitoringini amalga oshirish maqsadida zarur birlamchi maʼlumotlarni tegishli vazirliklar va idoralardan soʻrab oladi hamda ularni Milliy operatorga uzatadi.
Milliy operator davlat kosmik monitoringini amalga oshiradi va taqdim etilgan maʼlumotlar bilan solishtirib, kosmik monitoring obyektlarida sodir boʻlayotgan jarayonlar va oʻzgarishlar tamoyillarini aniqlaydi.
Milliy operator davlat kosmik monitoringi natijalari asosida tegishli maʼlumotlarni tayyorlaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Maxsus vakolatli davlat organi Milliy operator tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tahlil qiladi va muvofiqlashtiradi, axborot-tahliliy maʼlumotnomani tayyorlaydi hamda tegishli vazirliklar va idoralarga taqdim etadi, shuningdek ushbu maʼlumotnoma asosida vazirliklar va idoralar tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi axborotni soʻrov boʻyicha oladi.
Maxsus vakolatli davlat organi davlat kosmik monitoringining natijadorligi toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
