11-modda. Kosmik faoliyat sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlar kosmik faoliyatning ilmiy jihatdan kuzatib borilishini taʼminlashni, kosmik texnologiyalarning yangi namunalarini ishlab chiqishni, kosmik texnologiyalarni rivojlantirishga, joriy etishga va ulardan foydalanishga yoʻnaltirilgan kosmik sinovlarni, fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi.
Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ilmiy va ilmiy-texnikaviy loyihalar doirasida amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Kosmik tizimlarni yaratish boʻyicha loyihalar ilmiy tadqiqotlarni, ishlanmalarni hamda kosmik faoliyat obyektlarini va ularning tarkibiy qismlarini ilmiy jihatdan ishlab chiqish, loyihalashtirish, ishlab chiqarish, oʻrnatish, qurish, sinovdan oʻtkazish, shuningdek ulardan foydalanish jarayonlarini oʻz ichiga oladi.
Kosmik faoliyat sohasidagi ilmiy va ilmiy-texnikaviy loyihalar hamda kosmik tizimlarni yaratish boʻyicha loyihalar olimlarni, yuqori malakali mutaxassislarni, jamoat tashkilotlarini, Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim tashkilotlarini, shuningdek xalqaro ekspertlarni va chet davlatlarning olimlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi.
