10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari
Kosmik faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-1017-son) · Sana: 13.01.2025 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlagan holda, kosmik faoliyat imkoniyatlaridan foydalanadi, shuningdek harbiy kosmik texnologiyalarni yaratish boʻyicha ishlarni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
harbiy maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni yaratish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlagan holda, kosmik texnologiyalardan foydalanishni rejalashtiradi va amalga oshiradi;
qoʻllanilishi kosmik faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan qurol-yarogʻ, harbiy va maxsus texnikani yaratishga, ishlab chiqarishga va yetkazib berishga doir davlat mudofaa buyurtmasini shakllantirishni amalga oshiradi;
harbiy maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
harbiy maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni hamda maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda ikki xil maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va istiqbollarini belgilash boʻyicha tizimli tadqiqotlarni tashkil etadi;
harbiy maqsadga moʻljallangan kosmik texnologiyalarning sinovdan oʻtkazilishini maxsus vakolatli davlat organi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkil etadi;
mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlagan holda, kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosati boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro kosmik loyihalari va dasturlarini amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishtirok etadi;
kosmik texnologiyalarning harbiy maqsadlarga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi;
mamlakat mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlagan holda, kosmik faoliyat sohasidagi istiqbolli yoʻnalishlarni rivojlantirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va maxsus vakolatli davlat organiga kiritadi.
