17-modda. Telekommunikatsiyalar sohasida raqobatni rivojlantirish
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida (O‘RQ-1015-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Telekommunikatsiyalar sohasida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi operatorlar, provayderlar, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek uskunalarni ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar telekommunikatsiyalar infratuzilmasini hamda xizmatlar bozorini tashkil etish va rivojlantirishda teng ravishda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Vakolatli davlat organi va tartibga soluvchi organ raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi bilan birgalikda telekommunikatsiyalar sohasida raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashadi, insofsiz raqobat va raqobatni cheklash faktlariga barham berish, shuningdek isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni koʻradi.
Insofsiz raqobat, foydalanuvchilarning manfaatlarini kamsitganlik, raqobatga toʻsiq boʻluvchi yoki uni cheklovchi boshqa biror-bir harakatga (harakatsizlikka) yoʻl qoʻyganlik uchun operatorlar va provayderlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Tegishli davlat organlarining mansabdor shaxslari bozor munosabatlariga asossiz ravishda aralashganligi, raqobatga toʻsiq boʻluvchi yoki uni cheklovchi boshqa biror-bir harakatga (harakatsizlikka) yoʻl qoʻyganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
