8-modda. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlari sohasidagi vakolatlari
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar:
davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga ruxsat olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qiladi;
maxfiy-rejim organlari toʻliq faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi va mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etadi;
tegishli malakaga va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan sertifikatga ega boʻlgan xodimlarni maxfiy-rejim organlariga tayinlaydi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslarning oʻqitilishini hamda belgilangan muddatlarda tegishli malaka oshirish kurslariga yuborilishini taʼminlaydi;
belgilangan maxfiylik rejimiga rioya etilishini va foydalanilayotgan davlat sirlarining himoya qilinishini, shu jumladan oʻz tasarrufidagi tashkilotlarda himoya qilinishini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi;
maxsus vakolatli davlat organiga davlat sirlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
davlat sirlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma rasmiylashtirilishi zarur boʻlgan lavozimlar nomenklaturasini ishlab chiqadi;
davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlashda ishtirok etadi;
axborotning kriptografik va texnik himoya vositalariga, shuningdek axborotlashtirishning texnik vositalariga oid sertifikat olish uchun maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qiladi;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimlarning xorijga chiqish biometrik pasportlari kadrlar boʻlinmalarida saqlanishini, shuningdek ushbu xodimlarning xorijga chiqishini va chet el fuqarolari bilan aloqalarini qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat qiladi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
