11-modda. Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli boʻlgan boshqa faoliyat sohasidagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan maʼlumotlar
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyati va davlat xavfsizligiga taalluqli boʻlgan boshqa faoliyat sohasidagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatining kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, shakllari va natijalarini fosh etuvchi maʼlumotlar, shuningdek razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
2) aniq shaxslarning razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning kadrlar tarkibiga mansubligini fosh etuvchi maʼlumotlar;
3) Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishi boʻyicha kadrlarni tayyorlashga yoki taqsimlashga doir tadbirlar haqidagi maʼlumotlar;
4) razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga maxfiylik asosida koʻmaklashayotgan (koʻmaklashgan) va mazkur organlar bilan maxfiylik asosida hamkorlik qilayotgan (hamkorlik qilgan) shaxslar, shuningdek ularning oila aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) tezkor-safarbarlik tadbirlari, ularning holati va natijalari haqidagi maʼlumotlar;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek davlat organlarining ichki idoraviy hamda xalqaro himoyalangan aloqa tarmoqlari va tizimlari (joylashtirilgan obyektlari va qurilmalari), kriptografik himoya vositalarining kalitli (yaratish, ishlab chiqarish va taʼminlash) hujjatlari, kriptografik himoya vositalarini tahlil qilish uslublari yoki vositalari haqidagi hamda maxsus maqsadga moʻljallangan axborot-tahliliy tizimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
7) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat ishlari boʻyicha tergovni amalga oshirish kuchlari, vositalari va uslublarini fosh etuvchi maʼlumotlar, agar ular davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan vaziyatlarni tekshirish bilan bogʻliq boʻlsa;
8) davlat sirlarini himoya qilishni tashkil etish, ularning himoyalanganlik holati toʻgʻrisidagi, shuningdek mazkur faoliyatni moliyalashtirish haqidagi maʼlumotlar;
9) davlat tomonidan qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, uning tashkil etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
