10-modda. Tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan maʼlumotlar
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) barvaqt tarqatilishi Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan, tashqi siyosat strategiyasi va taktikasini fosh etuvchi, Oʻzbekiston Respublikasining davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama munosabatlarini tavsiflovchi tashqi siyosat, tashqi savdo, ilmiy-texnik aloqalar masalalariga doir maʼlumotlar va shu kabi boshqa maʼlumotlar;
2) bitta yoki bir necha chet davlatga nisbatan siyosiy, iqtisodiy, harbiy yoki ilmiy-texnik masalalar yuzasidan ishonchlilik tartibida olingan maʼlumotlar, agar ularning oshkor etilishi manbaning aniqlanishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
3) xalqaro munosabatlarda yagona prinsipial yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi vakillari va boshqa davlatlar vakillari oʻrtasidagi muzokaralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar muzokaralar ishtirokchilarining fikriga koʻra ushbu maʼlumotlarning oshkor etilishi taraflardan biri uchun diplomatik murakkabliklarga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa;
4) barvaqt tarqatilishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, xavfsizligiga, siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xalqaro shartnomalarning tayyorlanishi, tuzilishi, mazmuni, bajarilishi, amal qilishi toʻxtatib turilganligi yoki tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) qurol-yarogʻ, harbiy texnika yoki aslaha eksporti va importi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar ushbu maʼlumotlarning oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan qoidalarga zid boʻlsa;
6) chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan alohida davrdagi iqtisodiy hamkorlikning hajmi hamda mazmunini fosh etuvchi maʼlumotlar.
