12-modda. Iqtisodiyot, taʼlim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan maʼlumotlar
Davlat sirlari toʻgʻrisida (O‘RQ-1016-son) · Sana: 27.12.2024 · Amalda
Iqtisodiyot, taʼlim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining urush davrida barqaror ishlashiga tayyorgarligini belgilovchi koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
2) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida prinsipial jihatdan yangi buyumlarni, texnologik jarayonlarni yaratishda foydalanilishi mumkin boʻlgan, shuningdek qurol-yarogʻ va harbiy texnika imkoniyatlarining, ularning jangovar samaradorligini oshirishning sifat jihatidan yangi bosqichini belgilovchi fan va texnika sohasidagi yangi yutuqlarning mohiyatini fosh etuvchi maʼlumotlar;
3) Oʻzbekiston Respublikasining mudofaasi va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab olib boriladigan ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik yoki loyihalash ishlarining mazmunini va yoʻnaltirilganligini fosh etuvchi maʼlumotlar;
4) Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab olib boriladigan gidrometeorologiya yoki geliogeofizika sohasidagi ishlarning natijalarini, shuningdek maxsus geologik-geofizik tadqiqotlar natijalarini fosh etuvchi maʼlumotlar;
5) metallurgiya sanoati tomonidan ayrim turdagi nodir metallarni va strategik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa materiallarni ishlab chiqarish haqidagi maʼlumotlar;
6) yer qaʼridagi resurslar potensialini, balans zaxiralarni yoki ayrim turdagi foydali qazilmalarni qazib olish toʻgʻrisidagi axborotni fosh etuvchi maʼlumotlar;
7) davlat organlari smetalarining alohida moddalari boʻyicha qoʻshinlarni saqlash uchun sarflanadigan xarajatlarni fosh etuvchi maʼlumotlar;
8) davlat hujjatlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish usullari va ularning haqiqiyligini aniqlash usullari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
9) umumiy foydalanishdagi mahsulotni, xomashyoning strategik turlarini ishlab chiqarishga doir safarbarlik quvvatlari hamda ushbu quvvatlarni yaratish va rivojlantirish haqidagi maʼlumotlar;
10) indikatsiya, gazdan tozalash, aholini ommaviy qirgʻin qurolidan kimyoviy himoya qilish vositalarini yoki ushbu vositalar uchun yangi sorbsion va boshqa materiallarni yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ishlarni fosh etuvchi maʼlumotlar;
11) muhim mudofaa yoki iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan topografik, geodezik yoki kartografik faoliyat natijalarini fosh etuvchi maʼlumotlar;
