43-modda. Temir yoʻl transportida yuklar va obyektlarni qoʻriqlash
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yoʻl davomida va temir yoʻl stansiyalarida yuklarni, temir yoʻl transporti obyektlarini qoʻriqlash, shuningdek umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yongʻinning oldini olishga qaratilgan ishlarni oʻtkazish, yongʻinga qarshi nazorat va yongʻinlarni bartaraf etish umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi (bundan harbiy tashishlar va davlatning mudofaa qobiliyatini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarning, joriy etilgan favqulodda holatning oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq tashishlar mustasno).
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizom vakolatli tashkilot tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Qoʻriqlanishi va kuzatib borilishi lozim boʻlgan yuklar roʻyxati, bu yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Kuzatib borish talab etiladigan yuklarni umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi doirasida kuzatib boradi. Oʻzbekiston Respublikasi chegaralarini kesib oʻtish chogʻida kuzatib boriladigan yuklarni topshirish tartibi va joyi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilanadi.
Temir yoʻl transportining eng muhim obyektlarini va maxsus yuklarni qoʻriqlash umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportining idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari, ichki ishlar organlarining transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqa vakolatli boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday obyektlar va yuklar roʻyxatlari qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
Yuklarning ayrim turlarini, shu jumladan qimmatbaho, tez buziladigan hamda boshqa yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish butun yoʻl davomida yuk joʻnatuvchining yoki yukni oluvchining kuzatuvchilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish tartibi yuk joʻnatuvchilar (yukni oluvchilar) tomonidan vakolatli tashkilot bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Zarur boʻlganda vakolatli tashkilot yuk joʻnatuvchilardan (yukni oluvchilardan) avariya vaziyatlari va boshqa favqulodda holatlar hamda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini, shuningdek ularning yuklarini tashish chogʻidagi ehtimol tutilgan zararlarni kamaytiradigan qoʻshimcha choralar koʻrilishini talab qilishga haqlidir.
