44-modda. Favqulodda holatlar va vaziyatlarda temir yoʻl transportining ishlashi
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalari, tashuvchilar temir yoʻl transportida harakat va tashishlar xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalar, tabiiy ofatlar (shamol hosil qilgan tuproq-qum bosishlari, toshqinlar, yongʻinlar) va temir yoʻl transporti ishining buzilishiga olib kelgan boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun shoshilinch chora-tadbirlar koʻradi.
Davlat hokimiyati organlari odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga, harakat xavfsizligiga hamda yuklarning saqlanishiga tahdid soluvchi temir yoʻl transportida harakat va tashishlar xavfsizligi talablari buzilishi bilan bogʻliq hodisalar, tabiiy ofatlar hamda boshqa favqulodda holatlar va vaziyatlarning oqibatlarini tugatishda umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti korxonalariga, tashuvchilarga yordam koʻrsatadi.
Agar yengib boʻlmas kuch taʼsirida, harbiy harakatlar, qamal, epidemiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlar, favqulodda holat joriy etilishi natijasida bagajni, yuk bagajini va yuklarni belgilangan manzilga yetkazish yoki tegishli yukni oluvchiga (oluvchiga) topshirish imkoniyatidan mahrum etadigan toʻsiqlar vujudga kelgan boʻlsa, xuddi shuningdek ushbu sabablarga koʻra bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini saqlashning eng oxirgi muddatlari oʻtib ketsa, mazkur tashuvchi qonunchilikda belgilangan tartibda bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yuk joʻnatuvchining (joʻnatuvchining) yoki yukni oluvchining (oluvchining) topshirigʻiga binoan, shuningdek mazkur topshiriq belgilangan muddatda olinmagan taqdirda esa bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini topshirishga (realizatsiya qilishga) yoki buning imkoni boʻlmagan taqdirda yuk joʻnatuvchining (joʻnatuvchining) oʻziga qaytarib yuborishga haqlidir. Bunda topshirilgan (realizatsiya qilingan) bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari uchun tashuvchi tomonidan olingan summa ushbu tashuvchiga tegishli boʻlgan summalar chegirib qolingan holda, qiymat haqi toʻlangan taqdirda tashish hujjatlarida koʻrsatilgan yukni oluvchining (oluvchining) hisobiga, boshqa barcha hollarda esa yuk joʻnatuvchining (joʻnatuvchining) hisobiga oʻtkaziladi.
Hujjatlari boʻlmagan bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini realizatsiya qilishdan tashuvchi tomonidan olingan mablagʻlar ushbu tashuvchi foydasiga oʻtkaziladi hamda undan belgilangan manziliga yetib kelmagan bagaj, yuk bagaji, yuklar, pochta va kuryerlik joʻnatmalari uchun tashuvchi tomonidan yuk joʻnatuvchiga (joʻnatuvchiga) yoki yukni oluvchiga (oluvchiga) toʻlangan mablagʻlarning oʻrnini qoplash uchun foydalaniladi.
