42-modda. Temir yoʻl transporti harakati va undan foydalanish xavfsizligiga doir asosiy talablar
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Temir yoʻl transportining infratuzilma obyektlariga nisbatan xavfsizlikka doir majburiy talablar, ularni nazorat qilish usullari, shuningdek ularning muvofiqligini baholash shakli qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklarni tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish litsenziyalanadigan faoliyat turidir.
Temir yoʻl stansiyalari, vokzallar va temir yoʻl transportining tashish jarayoni bilan bogʻliq boshqa boʻlinmalari hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan hamda manyovr va yuk ortish-yuk tushirish ishlari bajariladigan yoʻlovchi platformalari va temir yoʻllar oʻta xavfli zonalar hisoblanadi va zarurat boʻlganda atrofi oʻrab qoʻyiladi hamda nazorat qilish texnika vositalari bilan jihozlanadi. Oʻta xavfli zonalarda fuqarolarning boʻlishi va obyektlarning joylashtirilishi, bunday zonalarda ishlarning bajarilishi, temir yoʻllar orqali transportda va piyoda kesib oʻtish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Harakatdagi tarkib, shu jumladan harakatdagi maxsus tarkib va konteynerlar, temir yoʻllarning yer ustki qurilmalari qismlari hamda boshqa texnika vositalari va mexanizmlar, shuningdek temir yoʻl transportida koʻrsatiladigan xizmatlar temir yoʻl transportining avariyasiz ishlashini, harakat xavfsizligini, mehnatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablarini tartibga soluvchi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Harakatdagi tarkib va temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Roʻyxatdan oʻtkazilmagan harakatdagi tarkibdan va temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Harakatdagi tarkibni boshqarish huquqi tegishli malakaga ega boʻlgan hamda belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan oʻtgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Harakatdagi tarkibni boshqarish huquqini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Temir yoʻl transporti faoliyatida foydalaniladigan texnika vositalari va mexanizmlarni, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlarni sertifikatlashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
