41-modda Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar egalari (bundan buyon matnda shoxobcha yoʻl egalari deb yuritiladi) umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi asosida tashish jarayoni ishtirokchilariga harakatdagi tarkibni oʻtkazish, toʻxtab turishini taʼminlash, vagonlar, konteynerlarni berish va qaytarib olish, yuklarni qabul qilish, ortish (tushirish), berish, manyovr ishlari va boshqa operatsiyalar uchun umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlarini koʻrsatishga haqlidir.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlarini koʻrsatganlik uchun shoxobcha yoʻl egalari haq oladi. Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlaridan foydalanganlik uchun toʻlov raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarning harakatdagi tarkibni bir yoʻldan boshqasiga oʻtkazish uchun moʻljallangan inshootlari, qurilmalari va elementlaridan foydalanganlik uchun alohida haq olish taqiqlanadi.
Shoxobcha yoʻl egalari tashish jarayoni ishtirokchilari uchun umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar xizmatlaridan foydalanishda teng huquqni taʼminlashi shart.
Shoxobcha yoʻl egalari raqobatdosh umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl mavjud boʻlmaganda tashish jarayoni ishtirokchilariga umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl xizmatlari koʻrsatilishini toʻxtatishga olib keladigan harakatlarga (harakatsizlikka) yoʻl qoʻymasligi shart, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Shoxobcha yoʻl egasi shartnomalar boʻyicha, shu jumladan kontragent bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun toʻliq mulkiy javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
Umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllarda xizmat vazifalarini bajarayotgan xodimlar manyovr ishlarini tashkil etish masalalari boʻyicha infratuzilma operatorining farmoyishlarini bajarishi shart.
