22-modda Temir yoʻl transportida yoʻlovchining huquq va majburiyatlari
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Yoʻlovchi quyidagi huquqlarga ega:
poyezdlarning qatnov yoʻnalishlari boʻylab yoʻlovchilarni tashish uchun ochiq boʻlgan, oʻzi koʻrsatgan belgilangan stansiyagacha har qanday poyezdga va har qanday vagonga yoʻl hujjatini (chiptani) sotib olish;
sotib olingan yoʻl hujjatiga (chiptaga) binoan poyezd vagonida joy olish;
oʻzi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish. Yoʻlovchi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bittadan ortiq bola ketayotgan boʻlsa, ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlariga esa bolalar tarifi boʻyicha alohida joy berilgan holda yoʻl hujjati rasmiylashtiriladi. Besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarga ham alohida joy berilgan holda bolalar tarifi boʻyicha yoʻl hujjati rasmiylashtiriladi;
bitta toʻliq yoʻl hujjati yoki bolalar tarifi boʻyicha yoʻl hujjati uchun ogʻirligi oʻttiz olti kilogrammdan ortiq boʻlmagan qoʻl yukini oʻzi bilan bepul olib yurish. Mazkur ogʻirlikdan ortiq boʻlgan qoʻl yuki bagaj vagoniga topshirilishi lozim. Nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining imkoniyati cheklangan guruhlari jumlasidagi yoʻlovchilar oʻzi bilan qoʻshimcha ravishda shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan texnik yordamchi (kompensatorli) vositalarni va maxsus harakatlanish vositalarini bepul olib yurish huquqiga ega;
Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda tashuvchiga yoʻl hujjatini (chiptani) qaytarish va tashuvchidan yoʻl haqi va bagajni tashish uchun toʻlovni (joʻnatuvchi esa bagajni, yuk bagajini tashish uchun toʻlovni) qaytarib olish;
Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yoʻl hujjatining (chiptaning) amal qilish muddatini uzaytirish;
boʻsh joylar mavjud boʻlganda va yoʻl hujjatiga (chiptaga) oʻzgartirishlar kiritilganda yoʻl hujjati (chipta) sotib olingan poyezddan avvalroq ketadigan yoʻlovchi poyezdida yoʻlga chiqish;
belgilangan haq evaziga bagajni tashish uchun topshirish;
avval sotib olingan yoʻl hujjati (chipta) shikastlangan, yoʻqolgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda yozma talabnoma boʻyicha tashuvchidan (yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotish kassalaridan yoki yoʻlovchi agentliklaridan) uning dublikatini olish. Avval qaytarilgan yoʻl hujjatlariga (chiptalarga) doir dublikat berilmaydi.
